2024-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi

Joriy yilning 5-yanvar kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining 2023-yildagi faoliyati sarhisobi va 2024-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bo’lib o’tdi.

Unda, ilmiy-tadqiqot institutining 2023-yilda bajarilgan ishlari yuzasidan hisobot berish bilan birga 2024-yilda amalga oshiriladigan loyihalar, ulardan ko‘zlangan maqsad, loyihalarning fermer va dehqonlar uchun nechog‘lik samarador bo‘lishi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, institut tomonidan 2023-yilda 245 ta ilmiy maqola, “Agro Science” ilmiy jurnali ilk soni chop etilgan hamda kichik hajmdagi akvaponika va aeroponika issiqxonalari tashkil etilgan.

Institut rahbari R.Nizomov o‘z navbatida, tajriba stansiyalarning tarkibi va ilmiy salohiyati haqida so‘z yuritar ekan, institutning ilmiy salohiyatini kuchaytirish eng muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlab, buning uchun ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash lozimligini qayd etdi.